O‘zbekiston taraqqiyot banki tuziladi

O‘zbekiston taraqqiyot banki tuziladi

O‘zbekiston Taraqqiyot banki tuziladi, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi qurultoyida.

“Yaqin besh yil ichida biz raqamli iqtisodiyotni asosiy harakatlantiruvchi omilga aylantiramiz. U kamida 2,5 baravar oshirilib, 4 milliard dollarga yetkaziladi. 2026-yilga borib neft-gaz, kimyo, metallurgiya va boshqa sohalardagi barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish sanoati hajmi 5 barobar, eksporti esa 10 baravar, 500 million dollargacha oshiriladi.

Kelgusi yil oxiriga qadar barcha davlat organlarida ish yuritish, aholi bilan hujjat aylanishi “Fuqarolar emas, hujjatlar harakat qiladi” tamoyili bo‘yicha to‘liq elektron shaklga o‘tadi.

Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, 2023 yil oxirigacha inflyatsiya darajasi 5 foizga tushiriladi. Davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizdan oshmaydi. Buning uchun byudjet mablag’larini samarali taqsimlash va nazorat qilishning yangi tizimi yaratiladi. Bundan buyon byudjet xarajatlari birinchi navbatda fuqarolarimiz turmush sharoitini yaxshilash va hududlarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Xabaringiz bor, joriy yilda hayotga tatbiq etilayotgan “Fuqarolar uchun budjet” dasturi doirasida 14 ta hududiy byudjetning 5 foizi aholidan tushgan takliflar asosida dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan. Kelgusi yildan boshlab har bir tuman byudjetining kamida 5 foizi ushbu dastur doirasida taqsimlanadi. Shunday qilib, bevosita aholi ehtiyojidan kelib chiqib, sohadagi eng dolzarb muammolarni hal etishga yiliga 1,5-2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Yana bir muhim masala – yangi jalb qilingan yillik tashqi qarz hajmi 5 milliard dollardan oshmasligini taʼminlash. Kelgusi 5 yilda iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni oshirish maqsadida fond bozori hajmi 200 million dollardan 7 milliard dollargacha oshiriladi. Shu bilan birga, mamlakatimizda kapital importiga nisbatan mavjud cheklovlar qayta ko‘rib chiqiladi.

Kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini ta’minlash uchun 120 milliard dollar jalb etiladi, shundan kamida 70 milliard dollari xorijiy investitsiyalardir. Shu maqsadda 2026-yilgacha xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha alohida strategiya qabul qilinadi. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar doirasida kelgusi besh yilda transport, yo‘l qurilishi, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarga 14 milliard dollarlik investitsiya jalb etiladi. Kelgusi yildan boshlab asosiy vositalarning eskirishiga soliq imtiyozlarini kengaytirish hisobiga 130 mingdan ortiq tadbirkorning ixtiyorida har yili qariyb 2 trillion so‘m mablag‘ bo‘ladi.

Ma’lumki, keyingi paytlarda biz hududlarda sanoat va infratuzilmani rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu qo’shimcha moliyaviy resurslarni talab qiladi. Shu maqsadda O‘zbekiston taraqqiyot banki tuziladi.

Mamlakatimizning eksport salohiyati 1,7 barobar ortadi va 2026-yilda 30 milliard dollarga etadi. Eksport tarkibida xomashyo ulushi hozirgi 46 foizdan 23 foizga qisqaradi, tayyor mahsulot hajmi esa 2,5 barobar ortadi”, — dedi Prezident.

Ma'lumotni bo'lishish:

O'hshash ma'lumotlar

Color Skin
Nav
Nav
Header
Layout
Background Image
Background Pattern